Huquqiy madaniyat

HAR BIR TUMAN VA SHAHARDA MADANIYAT MARKAZI BO’LADI

Vazirlar Mahkamasining 30.03.2019 yildagi 263-son qarori bilan Madaniyat markazlari to’g’risidagi namunaviy nizom tasdiqlandi. Nizomga muvofiq, tuman va shaharlarda bittadan markaziy madaniyat markazlari, qishloq va shaharlarda ham aholi soni 7 mingdan ortiq bo’lganda madaniyat markazlari tashkil etiladi. Ularning asosiy vazifasi madaniy xizmat ko’rsatish sifatini yaxshilash va aholining bo’sh vaqtlarini mazmunli o’tishini ta’minlashdan iborat.

Markazlarda 33 yo’nalishda to’garaklar, 9 ta studiya, 6 ta kurs, 8 ta qiziquvchilar klublari, 7 ta badiiy havaskorlik jamoalarini tashkil etish nazarda tutilgan. 2020 yil 1 yanvardan ularning faoliyati samaradorligini aniq baholash uchun onlayn-tizim joriy etiladi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 1.04.2019 yildan kuchga kirdi.

Manba: norma.uz


MOBIL QURILMALAR RO’YXATDAN O’TKAZILADI

«O’zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» davlat unitar korxonasi hisobga olish tizimining operatori sifatida belgilandi. GSM-operatorlar tarmog’ida foydalanilayotgan qurilmalarni ro’yxatdan o’tkazish uchun ularning egalaridan hech qanday harakatlar talab etilmaydi – bu avtomatik tarzda va bepul amalga oshiriladi.

Hisobga olish quyidagi qurilmalardan foydalanishni cheklashga imkon beradi:

  • kontrafakt, ya’ni IMEI-kodi qurilmaning haqiqiy modeliga muvofiq kelmaydigan;
  • o’g’irlanganlik yoki yo’qotganlik sababidan «qora ro’yxat»ga kirib qolgan;
  • bojxona nazoratidan o’tmagan.

Mobil qurilma sotib olishdan avval uning IMEI-kodi maqomi to’g’riligini uzimei.uz tizimining rasmiy saytida tekshirib olish tavsiya etiladi. Nazorat tizimi quyidagilarga imkon beradi:

  • abonent qurilmalaridan foydalanish/o’g’irlangan qurilmalar bilan bog’liq jinoyatlarning oldini olish va aniqlash darajasini oshirish;
  • ularning kontrabandasini cheklash;
  • xaridorlarga qurilmalarni sotib olish paytida ularning maqomini tekshirishga, xarid qilinayotgan mahsulot sifati va servis xizmati kafolatini ta’minlashga yordam berish;
  • xavfsizlik talabiga javob bermaydigan kontrafakt abonent qurilmalaridan foydalanishni kamaytirish hisobiga fuqarolar sog’lig’ini himoyalash;
  • kontrafakt qurilmalar noqonuniy aylanmasining pasayishi hisobiga telekommunikatsiya bozorida sog’lom raqobatni ta’minlash.

Hozirgi paytda GSMA bazasiga 43 mamlakatning 118 ta mobil operatori ulangan, Belgiya, Kipr, Daniya, Finlyandiya, Frantsiya, Germaniya, Vengriya, Irlandiya, Italiya, Norvegiya, Portugaliya, JAR, Shvetsiya, Buyuk Britaniya shular jumlasidandir. GSMA assotsiatsiyasi bilan axborot almashinuvi boshqa mamlakatlar hududida o’g’irlangan yoki yo’qolgan qurilmalarni O’zbekistonda ishlatishni cheklash imkonini beradi, va aksincha, GSMAga a’zo kompaniyalar tarmoqlarida mamlakatimizning «qora ro’yxati»ga kiritilgan qurilmalarni ishlatishning imkoni bo’lmaydi.

Manba: norma.uz


XORIJDA TA’LIM OLISH SHAKLI DIPLOM TAN OLINISHIGA TA’SIR KO’RSATMAYDI

Hukumat xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to’g’risidagi hujjat O’zbekistonda amalda mavjud bo’lgan ta’lim shakliga muvofiq kelmaganda tan olinmasligi haqidagi talabni bekor qildi (VMning 29.03.2019 yildagi 261-son qaroriga qarang). Eslatib o’tamiz, nostrifikatsiyalashdan farqli ravishda tan olish – yengillashtirilgan tartib-taomil, bunda muayyan xalqaro shartnoma tuzilgan bo’lsa, xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to’g’risidagi hujjatlar O’zbekistonda qabul qilinadi. O’zbekistonning xalqaro shartnomalari bu yerda jamlangan. 2019 yil 29 martgacha xorijiy diplomni (attestatni) tan olish uchun u O’zbekistonda amalda mavjud bo’lgan ta’lim shaklida o’qib olingan bo’lishi shart edi.

Masalan, 2018/2019 o’quv yiligacha O’zbekistonda sirtdan o’qitish amaliyoti keng tarqalmagan edi. Masofadan turib o’qitish rivojlantirilmayapti, eksternat yuzasidan esa davlat oliy o’quv yurtlarida amalga oshirilmaydigan 166 ta oliy ta’lim (sh.j. iqtisodiyot va yurisprudentsiya) yo’nalishidan iborat bo’lgan ro’yxat qabul qilingan. Xorijiy oliy o’quv yurtlarining kunduzgi bo’limlarida o’qimagan shaxslarda ta’lim olganlik to’g’risidagi hujjatlarni tan olish bilan bog’liq muammolar yuzaga kelar edi.

Endi vaziyat osonlashdi. Ta’lim shakli hisobga olinmaydigan bo’ldi. Shuni qayd etib o’tamizki, yangilik birinchi navbatda sirtqi shaklda ta’lim olgan fuqaro aviatsiyasi mutaxassislari uchun qabul qilingan (27.11.2018 yildagi PF–5584-son Farmonning 16-bandi 2-xatboshisiga qarang). Biroq Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to’g’risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi to’g’risidagi nizomga yuqoridagi tuzatishlarda batafsil izoh berilmagan va barcha uchun qo’llaniladi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 30.03.2019 yildan kuchga kirdi.

Manba: norma.uz


O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT GERBI

Davlat gerbi O`zbekiston Respublikasining 1992 yil 2 iyuldagi 616-XII-sonli «O`zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to`g`risida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan.

O`zbekiston Respublikаsi Dаvlаt gerbi quyidаgi ko`rinishgа egа: tog`lаr, dаryolаr vа so`l tomoni bug`doy boshoqlаridаn, o`ng tomoni esа chаnoqlаri ochilgаn g`o`zа shoxlаridаn iborаt chаmbаrgа o`rаlgаn gullаgаn vodiy uzrа quyosh zаrrin nurlаrini sochib turаdi. Gerbning yuqori qismidа Respublikа hurligining rаmzi sifаtidа sаkkizburchаk tаsvirlаngаn bo`lib, uning ichki qismidа yarim oy vа yulduz tаsvirlаngаn. Gerbning mаrkаzidа bаxt vа erksevаrlik rаmzi — qаnotlаrini yozgаn Humo qushi tаsvirlаngаn. Gerbning pаstki qismidа O`zbekiston Respublikаsi Dаvlаt bаyrog`ini ifodа etuvchi chаmbаr lentаsining bаntidа «O’zbekiston» deb yozib qo`yilgаn.

O`zbekiston Respublikаsi Dаvlаt gerbining rаngli ko`rinishidа: Humo qushi vа dаryolаr — kumush rаngidа; quyosh, boshoqlаr, pаxtа chаnoqlаri vа «O’zbekiston» yozuvi — oltin rаngidа; g`o`zа shoxlаri vа bаrglаri, tog`lаr vа vodiy — yashil rаngdа; chаnoqlаrdаgi pаxtа — oq rаngdа; lentа — O`zbekiston Respublikаsi Dаvlаt bаyrog`ining rаnglаrini аks ettiruvchi uch xil rаngdа; sаkkizburchаk — oltin zаrhаl bilаn hoshiyalаngаn holdа hаvo rаngdа; yarim oy vа yulduzlаr — oq rаngidа tаsvirlаngаn.

O’ZBEKISTON RESPUBLIKАSINING DАVLАT BАYROG’I

 

Davlat bayrog`i O`zbekiston Respublikasining 1991 yil 18 noyabrdagi 407-XII-sonli «O`zbekiston Respublikasining Davlat bayrog`i to`g`risida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan.

O`zbekiston Respublikаsining Dаvlаt bаyrog`i O`zbekiston Respublikаsi dаvlаt suverenitetining rаmzidir.

O`zbekiston Respublikаsining Dаvlаt bаyrog`i xаlqаro munosаbаtlаrdа O`zbekiston Respublikаsining timsoli bo`lаdi.

O`zbekiston Respublikаsining Dаvlаt bаyrog`i — bаyroqning butun uzunligi bo`ylаb o`tgаn to`q moviy rаng, oq rаng vа to`q yashil rаngli uchtа endаn tаrkib topgаn to`g`ri to`rtburchаk shаklidаgi mаtodir.

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT MADHIYASI

O`zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining matni va musiqasi O`zbekiston Respublikasining 1992 yil 10 dekabrdagi 768-XII-sonli «O`zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to`g`risida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan.

O`zbekiston Respublikаsining Dаvlаt mаdhiyasi O`zbekiston Respublikаsi Dаvlаt suverenitetining rаmzidir.

O`zbekiston Respublikаsining Dаvlаt mаdhiyasigа zo`r ehtirom bilаn qаrаsh O`zbekiston Respublikаsi hаr bir fuqаrosining vаtаnpаrvаrlik burchidir.

Mutal Burhonov musiqasi
Abdulla Oripov so’zi

Serquyosh hur o’lkam, elga baxt, najot,
Sen o’zing do’stlarga yo’ldosh, mehribon!
Yashnagay to abad ilmu fan, ijod,
Shuhrating porlasin toki bor jahon!

Naqarot:
Oltin bu vodiylar – jon O’zbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug’ xalq qudrati jo’sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!

Bag’ri keng o’zbekning o’chmas iymoni,
Erkin, yosh avlodlar senga zo’r qanot!
Istiqlol mash’ali tinchlik posboni,
Xaqsevar, ona yurt, mangu bo’l obod!

Naqarot:
Oltin bu vodiylar – jon O’zbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug’ xalq qudrati jo’sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!

Manba: constitution.uz

Konstitutsiya nima?

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yaratilishi tarixi haqida so‘z yuritishdan oldin “Konstitutsiya nima?” degan savolga javob berish maqsadga muvofiqdir.

Konstitutsiya (lotincha “Constitution” – tuzilish, tuzuk) – davlatning Asosiy qonuni. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarini belgilab beradi.

“Konstitutsiya” atamasi Qadimgi Rimdayoq ma’lum bo‘lgan (imperator Konstitutsiyasi deb atalgan qonun). Amir Temur “Tuzuklar”i Sharq va Osiyo mamlakatlari sivilizatsiyasiga xos alohida shakldagi konstitutsiyaviy hujjat xususiyatiga ega bo‘lgan. U shariat qonunlari bilan bir qatorda Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari taqdiriga kuchli ta’sir o‘tkazgan.

Asosiy Qonunimiz yaratilishining murakkab va muhim, ayni chog‘da sharafli solnomasiga nazar solar ekanmiz, hech shubhasiz, O‘zbekiston Konstitutsiyasi xalqimizning mustaqillik sari uzoq yo‘ldagi izlanishlari natijasi ekaniga komil ishonch hosil qilamiz.

Avvalambor, konstitutsiyaviy “bino”ni qurishda uch ming yillik milliy davlatchilik tajribasiga tayanilgan. Bugungi O‘zbekiston qadimgi Xorazm va So‘g‘diyona, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar, Amir Temur va Temuriylar, o‘zbek xonliklari, ma’rifatparvar ajdodlarimiz, xalqimizning tarixiy an’analari va uning mustaqil davlat haqidagi ko‘p asrli orzusini mujassam etgan.

Qolaversa, manfaatlarimiz va intilishlarimizdan kelib chiqqan holda, Asosiy Qonunimiz Sharq va G‘arb, Janub va Shimolning 97 ta mamlakati to‘plagan ilg‘or konstitutsiyaviy tajribani hisobga olib yaratilgan.

Shu o‘rinda Suveren O‘zbekistonning birinchi Konstitutsiyasini tayyorlash, muhokama etish, qabul qilish va uning amal qilishi yo‘lidagi 10 ta huquqiy qadamni bu boradagi eng muhim tarixiy voqealar sifatida sanab o‘tish lozim. Zotan, Konstitutsiyani yaratish tarixi – bu mustaqillik uchun kurashning uzviy tarkibiy qismidir.

Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi birinchi huquqiy qadam – o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishidir.

Bu haqda gap borganda, avvalambor, 1989 yilning 21 oktabr kuni qizg‘in bahs va tortishuvlardan so‘ng siyosiy-ma’naviy hayotimizdagi unutilmas hodisa amalga oshirilgani – milliy qadriyatlarimizning asosiy ustunlaridan biri bo‘lgan ona tilimizga davlat tili maqomi berilgani istiqlol tarixining eng yorqin sahifalaridan birini tashkil etishini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.

“O‘z ona tilini bilmagan odam o‘zining shajarasini, o‘zining ildizini bilmaydigan, kelajagi yo‘q odam, kishi tilini bilmaydigan uning dilini ham bilmaydi, deb juda to‘g‘ri aytishadi”. “Har qaysi millat, katta yo kichikligidan qat’iy nazar, o‘z ona tilini hurmat qiladi”.

Birinchi Prezidentimizning “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida”, “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarlarida mustaqillik arafasida o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish masalasida qanday qizg‘in, ba’zida keskin va murosasiz bahslar bo‘lib o‘tgani alohida eslab o‘tilgani bejiz emas.

O‘shanday qaltis va murakkab vaziyatda, Islom Karimov haqli ravishda qayd etganidek: “og‘ir-vazminlik bilan ish tutib, har tomonlama o‘ylab, mulohaza qilib, barcha siyosiy va ijtimoiy guruhlarning talablarini qondiradigan, eng muhimi, xalqimiz va Vatanimiz manfaatlariga javob beradigan yagona to‘g‘ri yo‘lni topishga erishdik”.

Shunday qilib dastavval, “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunda mustahkamlangan muhim huquqiy qoidalar endilikda Asosiy Qonunimizning 4-moddasida quyidagicha muhrlab qo‘yildi:

“O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”.

Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi ikkinchi huquqiy qadam – Prezidentlik instituti ta’sis etilishi va yangi davlat ramzlarini tayyorlash bo‘yicha komissiya tuzilishi bilan bog‘liq.

Yurtimiz hayotidagi bu g‘oyat muhim va hayajonli voqealar 1990 yilning mart oyida bo‘lib o‘tganini eslash joiz. O‘shanda, ya’ni Mustaqilligimiz e’lon qilinishidan bir muncha vaqt oldin, o‘n ikkinchi chaqiriq Oliy Kengashning birinchi sessiyasida sobiq ittifoq tarkibidagi respublikamizda Prezidentlik lavozimi joriy etildi, davlat ramzlari haqidagi masala muhokama qilinib, bu borada maxsus komissiya tuzildi. Mustaqil O‘zbekistonning birinchi Konstitutsiyasini yaratish g‘oyasi ilk bor ana shu sessiyada ilgari surildi.

Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi uchinchi huquqiy qadam –“Mustaqillik deklaratsiyasi”ning e’lon qilinishidir.

O‘zbekiston Oliy Kengashi tomonidan 1990 yil 20 iyunda e’lon qilingan “Mustaqillik deklaratsiyasi”ning 8-bandida O‘zbekiston “o‘zining taraqqiyot yo‘lini, o‘z nomini belgilaydi va davlat belgilarini (gerb, bayroq, madhiya) o‘zi ta’sis etadi” degan qoida mustahkamlangan.

Deklaratsiyaning 12-bandida esa ushbu hujjat respublikaning “yangi Konstitutsiyasini ishlab chiqish uchun asos” bo‘lishi qayd etilgan.

O‘shanda bunday mazmundagi hujjat sobiq ittifoq hududida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda qabul qilingan edi.

Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi to‘rtinchi huquqiy qadam –Konstitutsiyaviy komissiyaning tashkil etilishiga borib taqaladi.

Oliy Kengash qarori bilan 1990 yil 21 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov raisligida davlat arboblari, deputatlar, mutaxassislardan iborat 64 nafar a’zoni o‘zida jamlagan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi va Konstitutsiya loyihasi ana shu komissiya tomonidan 2 yildan ortiq vaqt mobaynida tayyorlandi.

Birinchi Prezidentimiz Konstitutsiyaviy komissiya ish boshlashi bilan mamlakatimizning o‘ziga xos jihatlarini va xususiyatini munosib ravishda aks ettiradigan, xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan, jahon tajribasini, demokratiya va eng rivojlangan mamlakatlar konstitutsiyaviy qonunchiligi erishgan yutuqlarni inobatga oladigan Asosiy Qonun loyihasini tayyorlashga bevosita rahbarlik qildi.

Ushbu vazifalarni amalga oshirishda Birinchi Prezidentimiz buyuk davlat va jamoat arbobi, iste’dodli siyosiy yetakchi sifatida namoyon bo‘ldi. Shu ma’noda, O‘zbekiston Konstitutsiyasining tashabbuskori, ilhomlantiruvchisi va asosiy muallifi mamlakat Prezidenti hisoblanadi.

Binobarin, taqdir Islom Karimov zimmasiga jamiyatni yangilash, o‘tish davrining murakkab sharoitida davlatimizni ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, davlat-huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy jihatdan rivojlantirishning pishib yetilgan muammolarini hal qilish, jumladan, bo‘lajak mustaqil yurt Konstitutsiyasini yaratish kabi tarixiy vazifalarni yuklagan edi.

Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi beshinchi huquqiy qadam – Birinchi Prezidentimizning Hindistonga 1991 yilgi tashrifi bilan chambarchas bog‘liq.

Aytish kerakki, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 1991 yil 17-19 avgust kunlari “Hindiston Respublikasiga rasmiy tashrifi O‘zbekiston Prezidentining xorijga qilgan birinchi mustaqil – tarixiy tashrifi edi”. Yurtboshimiz Hindistonda bo‘lgan bir paytda – 19 avgust kuni o‘zini “Davlat favqulodda holat qo‘mitasi”, ya’ni GKChP deb atagan bir guruh siyosiy avantyuristlarning davlat to‘ntarishini sodir etishga qaratilgan murojaati e’lon qilindi.

Afsuski, O‘zbekiston rahbarining safarda ekanidan foydalanib, GKChPning noqonuniy qarorlarini qo‘llab-quvvatlaydigan rahbarlar yurtimizda ham topildi. Tarix buni yaxshi eslaydi.

Bu voqealarning davomi “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobining so‘zboshi qismida shunday bayon etilgan:

“Prezident Islom Karimov GKChP e’lon qilinganini Agrada eshitib, 19 avgust kuni zudlik bilan Toshkentga qaytadi. Toshkent aeroportida Yurtboshimizni rasmiy kishilardan tashqari, Turkiston harbiy okrugi bosh qo‘mondoni hamda Markazdan kelgan 3 nafar general kutib oladi.

Bu o‘sha paytdagi mavjud rasmiy protokol qoidalariga mutlaqo zid bo‘lib, tagdor siyosiy ma’noga ega edi.

Islom Karimov aeroportdan to‘g‘ri hukumat binosiga kelib, kechqurun hukumat a’zolari bilan uchrashdi hamda O‘zbekiston SSR hududida GKChPning qonunga zid qarorlarini bekor qilish haqida ko‘rsatma berdi. Shu tariqa GKChP gumashtalari O‘zbekitston hukumati nomidan qabul qilgan barcha hujjatlarni bekor qildi”.

Yaqin o‘tmishning bu voqealarini eslash va eslatishdan muddao esa yangi Konstitutsiyamizni yaratish yo‘lidagi kurashlar mustaqillik uchun kurashning uzviy, ajralmas qismi ekanligini e’tirof etishdan iborat. Zero, biz o‘z istiqlolimizni qanday qiyinchiliklar bilan, qanday sinov va suronli kurashlar bilan qo‘lga kiritgan bo‘lsak, O‘zbekistonning birinchi Konstitutsiyasini yaratish yo‘lida ham xuddi shunday murakkab sinovlarni boshdan kechirdik.

Bir so‘z bilan aytganda, istiqlol arafasida vujudga kelgan og‘ir sharoit, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy qiyinchiliklarga, turli to‘siqlarga qaramasdan, xalqimiz Birinchi Prezident Islom Karimov boshchiligida o‘zining asriy orzusi – O‘zbekistonning davlat suvereniteti va mustaqilligi sari qat’iyat bilan harakat qilishda davom etdi.

O‘sha beorom davrda qabul qilingan Prezident farmon va qarorlarida aks etgan muhim huquq va qoidalar keyinchalik Konstitutsiyamizning asosiy bo‘lim, bob va moddalari sifatida mustahkamlandi.

Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi oltinchi huquqiy qadam – Davlat mustaqilligining e’lon qilinishidir.

Mamlakatimiz rahbarining 1991 yil 31 avgustda, o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari oltinchi sessiyasida so‘zlagan nutqi, ayniqsa, o‘sha nutqdagi: “Men shu bugundan e’tiboran 1 sentabrni respublikamizda Mustaqillik kuni, umumxalq bayrami deb e’lon qilishni taklif etaman”, degan otashin so‘zlari Vatanimiz tarixiga oltin harflar bilan manguga yozilgandir.

Birinchi Prezidentimiz oradan 17 yil o‘tganidan so‘ng o‘zining “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida ana shu hayajonli voqeaga: “1991 yil 31 avgust sanasida qo‘lga kiritilgan milliy mustaqillik – XX asrda xalqimiz tomonidan amalga oshirilgan buyuk ma’naviy jasorat namunasidir, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz”, deya yuksak baho berdi.

Xuddi o‘sha kuni Oliy Kengash O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to‘g‘risida Bayonot qabul qildi. Bayonotda ta’kidlandiki, “Bundan buyon O‘zbekiston Respublikasi hududida respublika Konstitutsiyasi va qonunlari shak-shubhasiz ustun deb e’tirof etiladi”.

Shu kuni “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi. Undan bo‘lajak Konstitutsiyaning o‘zak qoidalarini o‘zida aks ettirgan bir qator muhim moddalar joy oldi. Jumladan, mazkur Qonunga muvofiq:

“O‘zbekiston Respublikasi to‘la davlat hokimiyatiga ega, o‘zining milliy-davlat va ma’muriy hududiy tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv idoralari tizimini mustaqil belgilaydi” (3-modda);

“O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va uning qonunlari ustundir. O‘zbekiston Respublikasi Davlat idoralarining tizimi hokimiyatni qonun chiqaruvchi, ijroiya va sud hokimiyatiga ajratish tartibi asosida quriladi” (5-modda).

Bu Konstitutsiyaviy qonun Asosiy Qonunimiz qabul qilinguniga qadar, ya’ni 1992 yil 8 dekabrgacha biz uchun kichik Konstitutsiya vazifasini bajarib turdi.

Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi yettinchi huquqiy qadam – 1991 yil 29 dekabrda Prezident saylovi va Davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi referendumning o‘tkazilishiga taalluqli.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi va Respublika davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi referendum 1991 yil 29 dekabrda bo‘lib o‘tdi. Xalq davlat mustaqilligini qo‘llab ovoz berdi va Prezidentni sayladi. 1992 yil 4 yanvar kuni Oliy Kengashning ana shu saylov va referendum yakunlariga bag‘ishlangan to‘qqizinchi sessiyasi ochildi.

So‘ngra Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimini bajarishga kirishish tantanali marosimi bo‘ldi. Ushbu sessiyada O‘zbekistonning o‘sha paytda amalda bo‘lgan Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Mahalliy hokimiyat organlarini qayta tuzish to‘g‘risida qonun qabul qilindi.

Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi sakkizinchi huquqiy qadam – birinchi Konstitutsiya loyihasining ilk bor matbuotda umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilinishidir.

Konstitutsiyaviy komissiya bajarilgan ishni ma’qulladi va 1992 yil 8 sentabrda Konstitutsiya loyihasini umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilishga qaror qildi. Ushbu yig‘ilishda loyihani oxiriga yetkazish va tahrir qilish uchun ishchi guruh tuzildi. Yangi Konstitutsiyaning birinchi loyihasi 1992 yil 26 sentabr kuni tayyor bo‘ldi va shu kuni matbuotda chop etildi.

Loyiha e’lon qilingach, uning umumxalq muhokamasi juda keng tus oldi. Bu ochiq-oshkora muhokamalar 1992 yilning sentabr oyi oxiridan dekabr oyi boshlarigacha fuqarolarning siyosiy faolligi, ijodiy ko‘tarinkiligi ruhida o‘tdi hamda O‘zbekistonda demokratiya rivojining samarali va amaliy maktabi bo‘ldi.

Muhokamada mamlakatimiz katta yoshdagi aholisining deyarli hammasi ishtirok etdi. Matbuotda, radioeshittirish va teleko‘rsatuvlarda qizg‘in bahs-munozaralar bo‘ldi. Ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazildi, Konstitutsiya loyihasiga doir masalalar bo‘yicha suhbatlar, anjumanlar tashkil qilindi.

Konstitutsiyaviy komissiyaga fikr-mulohazalar bildirilgan 600 taga yaqin xat kelib tushdi. Respublika matbuotining o‘zida Konstitutsiya loyihasiga bag‘ishlangan yuzdan ortiq materiallar e’lon qilindi. Fuqarolarimiz bildirgan takliflar soni 5 mingdan oshib ketdi.

Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi to‘qqizinchi huquqiy qadam – Konstitutsiya loyihasining ikkinchi marta matbuotda umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilinishidir.

Konstitutsiya loyihasi o‘tkazilgan muokamalar davomida kelib tushgan takliflar asosida ancha tuzatildi va qayta ishlandi. So‘ngra, 1992 yil 21 noyabrda umumxalq muhokamasini davom ettirish uchun Konstitutsiya loyihasi ikkinchi marta gazetalarda chop etildi.

Shunday qilib, huquqiy pretsedent – ikki bosqichli umumxalq muhokamasi yuz berdi. Ushbu holat, bir tomondan, muhokama ishtirokchilarini faollashtirish uchun qudratli rag‘bat vazifasini bajargan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, Asosiy Qonunimizning xalqchilligini ta’minladi. Konstitutsiya loyihasining o‘zi keng jamoatchilik ekspertizasidan o‘tdi.

Mazkur aksiyaning, ya’ni Konstitutsiya loyihasini ikki bosqichda muhokama etish uchun matbuotda e’lon qilinishining ma’nosi shundan iborat ediki, fuqarolar Konstitutsiyaning qayta ishlangan variantida Konstitutsiya loyihasini muhokama qilishdagi o‘z ishtiroklarining natijasini ko‘ra oldilar.

Konstitutsiya loyihasining yangi variantida umumxalq muhokamasining dastlabki bosqichida kelib tushgan ko‘plab fikr-mulohazalar va takliflar o‘z ifodasini topdi. Fuqarolarimiz Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan ularning ovozi eshitilganiga, takliflari tegishli ravishda ko‘rib chiqilib, inobatga olinganiga ishonch hosil qildilar.

Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi o‘ninchi huquqiy qadam –Konstitutsiya loyihasining qabul qilinishidir.

Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan 1992 yil 6 dekabrda Konstitutsiya loyihasi oxirgi marta muhokama etildi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, Konstitutsiyaviy komissiya xorijiy konstitutsiyaviy tajribaga murojaat qilib, Asosiy Qonunning rolini yaxlit tushunishdan kelib chiqdi.

Bunda jahon konstitutsiyaviy tajribasinining bir qator ilg‘or jihatlari hisobga olindi. Konstitutsiya loyihasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik kengashi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar va AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya kabi demokratik davlatlar mutaxassislarining sinchkov ekspertizasidan o‘tdi.

Ayniqsa, Konstitutsiya loyihasining umumxalq muhokamasi O‘zbekiston xalqining xohish-irodasini aniqlash hamda juda boy material to‘plash imkonini berdi. Ushbu material chuqur va har tomonlama o‘rganib chiqildi, umumlashtirildi va xalqning umumiy irodasi shaklida o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasi muhokamasiga kiritildi.

Birinchi Prezidentimiz sessiyada Konstitutsiyani “xalqchil qomus” deb atab, uning loyihasi ustida taxminan ikki yil davomida ishlangani, ikki yarim oy mobaynida umumxalq muhokamasidan o‘tganligi va shu vaqt mobaynida u xalqning fikr xazinasi durdonalari bilan boytilganini, sayqal topganini ta’kidladi.

Oliy Kengash sessiyasiga muhokama qilish uchun kiritilgan Konstitutsiya loyihasiga 80 ga yaqin o‘zgarishlar, qo‘shimchalar taklif etildi va aniqliklar kiritildi.

Parlament deputatlari tomonidan loyiha moddama-modda muhokama qilinib, unga yana bir qator o‘zgartishlar kiritilgach, 1992 yil 8 dekabr kuni Bosh Qomusimiz qabul qilindi. Shu kundan e’tiboran, 8 dekabr – umumxalq bayrami deb e’lon qilindi.

Shunday qilib, O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e’lon qilgan sanadan e’tiboran dunyo sahnida yangi, suveren davlat qaror topgan bo‘lsa, birinchi Konstitutsiyamiz qabul qilingan kuni davlatimiz yangidan tug‘ildi, haqiqiy mustaqilligimizga mustahkam huquqiy poydevor qo‘yildi.

Mustaqil O‘zbekistonning birinchi Konstitutsiyasi yangi mustaqil jamiyatning ishonchli huquqiy kafolatlarini shakllantirdi va mustahkamladi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, Konstitutsiyamiz – Asosiy Qonunimiz qabul qilinishi bilan biz O‘zbekiston kelajagini, yangitdan barpo etilayotgan davlatimizning chuqur mazmuni, ma’no va mohiyatini, siyosiy-huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy, gumanitar va ma’naviy taraqqiyotning, yurtimiz qiyofasini, uning xalqaro hamjamiyatdagi o‘rni va nufuzini tubdan o‘zgartirib yuborgan mamlakatimizni isloh etish va modernizatsiya qilishning pirovard maqsadlarini aniq-ravshan belgilab oldik.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining g‘oya va normalarida xalqimizning ko‘p asrlik tajriba va ma’naviy qadriyatlari, boy tarixiy-huquqiy merosi aks ettirilgani uning hayotiyligining kafolatidir.

Shu bilan birga, Asosiy Qonunimiz ko‘plab demokratik davlatlarda konstitutsiyaviy qurilish sohasidagi ilg‘or tajribaning eng yaxshi jihatlarini, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining umume’tirof etilgan normalari hamda mazkur sohadagi boshqa xalqaro hujjatlarga asoslangan inson huquq va manfaatlari, erkinligini ta’minlash va himoya qilish mexanizmini o‘zida mujassam etgan.

Konstitutsiyaning qabul qilinishi ijtimoiy va davlat qurilishining barcha jabhalaridagi munosabatlarni, milliy qonunchiligimizning barcha sohalarini tartibga soluvchi aniq huquqiy tizimni tashkil etdi.

O‘tgan davr mobaynida mamlakatimiz parlamenti Konstitutsiya normalariga muvofiq 8 ta konstitutsiyaviy qonun, 15 ta kodeks, 600 dan ziyod qonunni qabul qildi, 200 dan ortiq ko‘p tomonlama xalqaro shartnomani ratifikatsiya qildi va shu tariqa Asosiy Qonunimizni amalga oshirishning yaxlit huquqiy mexanizmi yaratildi. Uning samaradorligini vaqt o‘zi ko‘rsatib turibdi va bu bugun jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda.

Asosiy Qonunimizga nisbatan bunday yuksak va xolis baholar berilishi bejiz emas. Buni, jumladan quyidagi sabablar bilan izohlash mumkin.

Birinchidan, bizning Konstitutsiya haqiqatan ham demokratik Konstitutsiyadir. Tarixda sinalgan umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlarni, xalqaro andozalarni o‘zida mujassam etgan hujjatdir.

Ikkinchidan, bizning Konstitutsiya eng rivojlangan, taraqqiy topgan davlatlarning tarixiy tajribasiga tayangan holda yaratilgan. Bunda qaysidir davlatning tayyor Konstitutsiyasini ko‘r-ko‘rona ko‘chirib olish yo‘lidan bormay, balki eng ilg‘or xorijiy konstitutsiyaviy tajribalarni o‘rgandik va e’tiborga oldik. Natijada endilikda Bosh Qomusimiz dunyo miqyosida ham har qanday taraqqiy topgan davlat Konstitutsiyasi bilan bemalol kuch sinashmoqda.

Uchinchidan, Konstitutsiyaning g‘oya va normalari o‘zbek xalqining teran tarixiy ildizlariga asoslangan bo‘lib, u ko‘p asrlik tajriba va ma’naviy qadriyatlarni, ulug‘ ajdodlarimizning huquqiy merosini o‘z ichiga olgan.

Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiyani ishlab chiqish, muhokama etish va qabul qilish jarayoni Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning “Konstitutsiya davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan Qomusnoma” bo‘lganligi, u “xalqimizning irodasini, ruhiyatini, ijtimoiy ongi va madaniyatini” aks ettirishi, uning “xalqimiz tafakkuri va ijodining mahsuli” ekani haqidagi hikmatli xulosalari to‘g‘ri va asoslangan ekanini yaqqol tasdiqlaydi.

Manba: constitution.uz


Konstitutsiya to’g’risida qiziqarli faktlar

O’zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutining Farg’ona mintaqaviy filiali

Yaponiya Konstitutsiyasi

Garchi Yaponiya Konstitutsiyasining 9-moddasiga binoan, Yaponiya kelajakda urush olib borish huquqidan hamda quruqlik, dengiz va havo harbiy kuchlar tuzish huquqidan abadiy vos kechgan bo’lsada, bugungi kunda Yaponiya harbiy harajatlari bo’yicha dunyoda 5-o’rinda turadi ($ 58,97 mlrd).

Hindiston Respublikasining Konstitutisyasi

Hindiston Konstitutsiyasi AQSh Konstitutsiyasidan farqli o‘laroq dunyodagi eng katta va murakkab Konstitutsiya hisoblanadi.

Braziliya Federativ Respublikasi konstitutsiyasi

Braziliya Federativ Respublikasining konstitutsiyasida «Hindular to’g’risida» deb nomlangan maxsus bob (VIII bob) mavjud bo’lib, ushbu bob Braziliyada yashab kelgan tub aholiga taqdim etilgan alohida ustunlik va imtiyozlarga bag’ishlangan.

Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi konstitutsiyasi

Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi davlatining konsitutsiyasi 300ga yaqin qonun hujjatlaridan iboratdir, ya’ni bu davlatda yagona konstitutsiya hujjati mavjud emas.

AQSh konstitutsiyasi

AQSh Konstitutsiyasi dunyodagi eng kichik va eng o‘zgarmas Konstitutsiya hisoblanadi.

Manba: constitution.uz


Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi

O’zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutining Farg’ona mintaqaviy filiali

1948 yil, 10 dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 217 A (III) ko’rsatmasi orqali qabul qilingan va e’lon qilingan.

MUQADDIMA

Insoniyat oilasining hamma a’zolariga xos qadr-qimmat va ularning teng, ajralmas huquqlarini tan olish erkinlik, adolat va yalpi tinchlik asosi ekanligini e’tiborga olib;

inson huquqlarini mensimaslik va uni poymol etish insoniyat vijdoni qiynaladigan vahshiyona ishlar sodir etilishiga olib kelganini, kishilar so’z erkinligi va e’tiqod erkinligiga ega bo’ladigan hamda qo’rquv va muhtojlikdan holi sharoitda yashaydigan dunyoni yaratish insonlarning ezgu intilishidir deb e’lon qilinganligini e’tiborga olib;

inson oxirgi chora sifatida zulm va istibdodga qarshi isyon ko’tarishga majbur bo’lishining oldini olish maqsadida inson huquqlari qonun kuchi bilan himoya etilishi zarur ekanligini e’tiborga olib;

xalqlar o’rtasida do’stona munosabatlarni rivojlantirishga ko’maklashish zarurligini e’tiborga olib;

Birlashgan Millatlar xalqlari insonning asosiy huquqlariga, shaxsning qadr-qimmatiga, erkak va ayolning teng huquqliligiga, o’z e’tiqodlarini Nizomda tasdiqlaganliklari hamda yanada kengroq erkinlikda ijtimoiy taraqqiyot va turmush sharoitlarini yaxshilashga ko’maklashishga ahd qilganliklarini e’tiborga olib;

a’zo bo’lgan davlatlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda inson huquqlari va asosiy erkinliklarini yalpi hurmat qilish va unga rioya qilishga ko’maklashish majburiyatini olganligini e’tiborga olib;

mazkur huquqlar va erkinliklarning xarakterini yalpi tushunish ushbu majburiyatlarning to’liq ado etilishi uchun katta ahamiyatga ega bo’lishini e’tiborga olib;

Bosh Assambleya
mazkur Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini barcha xalqlar va barcha davlatlar bajarishga intilishi lozim bo’lgan vazifa sifatida e’lon qilar ekan, bundan muddao shuki, har bir inson va jamiyatning har bir tashkiloti doimo ushbu Deklaratsiyani nazarda tutgan holda ma’rifat va ta’lim yo’li bilan bu huquq va erkinliklarning hurmat qilinishiga ko’maklashishi, milliy va xalqaro taraqqiyparvar tadbirlar orqali ham uning bajarilishi ta’minlanishiga, Tashkilotga a’zo bo’lgan davlatlar xalqlari o’rtasida va ushbu davlatlarning yurisdiktsiyasidagi hududlarda yashayotgan xalqlar o’rtasida yalpisiga va samarali tan olinishiga intilishlari zarur.

1-MODDA
Hamma odamlar o’z qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng bo’lib tug’iladilar. Ularga aql va vijdon ato qilingan, binobarin bir-birlariga nisbatan birodarlik ruhida munosabatda bo’lishlari kerak.

2-MODDA
Har bir inson irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e’tiqodlaridan, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mol-mulki, tabaqasi yoki boshqa holatidan qat’i nazar ushbu Deklaratsiyada e’lon qilingan barcha huquq va barcha erkinlikka ega bo’lishi zarur.

Bundan tashqari, inson mansub bo’lgan mamlakat yoki hududning siyosiy, huquqiy yoki xalqaro maqomidan, ushbu hudud mustaqilmi, vasiymi, o’z-o’zini idora qiladimi yoki boshqacha tarzda cheklanganligidan qat’i nazar biror bir ayirmachilik bo’lmasligi kerak.

3-MODDA
Har bir inson yashash, erkin bo’lish va shaxsiy daxlsizlik huquqlariga egadir.

4-MODDA
Hech kim qullikda yoki erksiz holatda saqlanishi mumkin emas; qullik va qul savdosining barcha ko’rinishlari taqiqlanadi.

5-MODDA
Hech kim qiynoqqa yoki shafqatsiz, g’ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni xo’rlovchi muomala va jazoga duchor etilmasligi kerak.

6-MODDA
Har bir inson qayerda bo’lishidan qat’i nazar, o’zining huquq sub’ekti sifatida tan olinishiga haqli.

7-MODDA
Barcha odamlar qonun oldida tengdir va hech bir tafovvutsiz qonun bilan teng himoya qilinish huquqiga egadir. Barcha odamlar ushbu Deklaratsiyaga zid bo’lgan har qanday kamsitishdan va shunday kamsitishga undaydigan har qanday gij-gijlashdan teng himoya qilinish huquqiga egadir.

8-MODDA
Har bir inson unga konstitutsiya yoki qonun orqali berilgan asosiy huquqlari buzilgan hollarda nufuzli milliy sudlar tomonidan bu huquqlarning samarali tiklanishi huquqiga ega.

9-MODDA
Hech kim asossiz qamalishi, ushlanishi yoki quvg’in qilinishi mumkin emas.

10-MODDA
Har bir inson huquq va burchlarini belgilash va unga qo’yilgan jinoiy aybning qanchalik darajada asosli ekanligini aniqlashi uchun to’liq tenglik asosida uning ishi oshkora va adolat talablariga rioya qilingan holda mustaqil va xolis sud tomonidan ko’rib chiqilishi huquqiga ega.

11-MODDA
1. Jinoyat sodir etganlikda ayblangan har bir inson himoya uchun barcha imkoniyatlar ta’minlangan holda, ochiq sud majlisi yo’li bilan uning aybi qonuniy tartibda aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanishga haqlidir.

2. Hech kim, sodir etilgan vaqtda milliy qonunlar yoki xalqaro huquqlarga ko’ra jinoyat deb topilmagan xatti-harakati yoki faoliyatsizligi uchun jazoga hukm qilinishi mumkin emas. Shuningdek, jinoyat sodir etilgan vaqtda qo’llanishi mumkin bo’lgan jazoga nisbatan og’irroq jazo berilishi mumkin emas.

12-MODDA
Hech kimning shaxsiy va oilaviy hayotiga o’zboshimchalik bilan aralashish, uy-joyi daxlsizligiga, uning yozishmalaridagi sirlarga yoki uning nomus va sha’niga o’zboshimchalik bilan tajovuz qilinishi mumkin emas. Har bir inson xuddi shunday aralashuv yoki tajovuzdan qonun orqali himoya qilinish huquqiga ega.

13-MODDA
1. Har bir inson har bir davlat doirasida erkin yurish va yashash joyi tanlash huquqiga ega.

2. Har bir inson har qanday mamlakatdan, xususan o’z mamlakatidan chiqib ketish va o’z mamlakatiga qaytib kelish huquqiga ega.

14-MODDA
1. Har bir inson ta’qib tufayli boshqa mamlakatlardan boshpana izlash va o’sha boshpanadan foydalanish huquqiga ega.

2. Bu huquqdan nosiyosiy jinoyat sodir etish uchun yoki Birlashgan Millatlar Tashkilotining maqsad va printsiplariga zid xatti-harakat tufayli ta’qib paytida foydalanish mumkin.

15-MODDA
1. Har bir insonning fuqaro bo’lish huquqi bor.

2. Hech kim o’zboshimchalik bilan o’z fuqaroligidan yoki o’z fuqaroligini o’zgartirish huquqidan mahrum qilinishi mumkin emas.

16-MODDA
1. Balog’at yoshiga yetgan erkaklar va ayollar irqi, millati yoki diniy belgilari bo’yicha hech qanday cheklashlarsiz nikohdan o’tishga va oila qurishga haqli. Ular nikohdan o’tishda, nikohda turgan vaqtlarida va uni bekor qilish vaqtida bir xil huquqdan foydalanadi.

2. Nikohdan o’tayotgan har ikki tomonning erkin va to’liq roziligi asosidagina nikoh tuzilishi mumkin.

3. Oila jamiyatning tabiiy va asosiy hujayrasi sanaladi va jamiyat hamda davlat tomonidan himoya qilinishga haqli.

17-MODDA
1. Har bir inson yakka holda, shuningdek, boshqalar bilan birgalikda mulkka egalik qilish huquqiga ega.

2. Hech kim zo’ravonlik bilan o’z mulkidan mahrum etilishi mumkin emas.

18-MODDA
Har bir inson fikr, vijdon va din erkinligi huquqiga ega; bu huquq o’z dini yoki e’tiqodini o’zgartirish erkinligini va ta’limotda, toat-ibodat qilishda va diniy rasm-rusm hamda marosimlarni ommaviy yoki xususiy tartibda ado etish, o’z dini yoki e’tiqodiga yakka o’zi, shuningdek, boshqalar bilan birga amal qilish erkinligini o’z ichiga oladi.

19-MODDA
Har bir inson e’tiqod erkinligi va uni erkin ifoda qilish huquqiga ega; bu huquq hech bir tusqsiz o’z e’tiqodiga amal qilish erkinligini hamda axborot va g’oyalarni har qanday vosita bilan, davlat chegaralaridan qat’i nazar, izlash, olish va tarqatish erkinligini o’z ichiga oladi.

20-MODDA
1. Har bir inson tinch yig’inlar o’tkazish va uyushmalar tuzish huquqiga ega.

2. Hech kim biror bir uyushmaga kirishga majbur qilinishi mumkin emas.

21-MODDA
1. Har bir inson bevosita yoki erkin saylangan vakillar vositasi orqali o’z mamlakatini boshqarishda qatnashish huquqiga ega.

2. Har bir inson o’z mamlakatida davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa ega.

3. Xalq irodasi hukumat hokimiyatining asosi bo’lishi lozim; bu iroda davriy va soxtalashtirilmagan, yalpi va teng saylov huquqidan, yashirin ovoz berish yo’li bilan yoki ovoz berish erkinligini ta’minlaydigan boshqa teng qiymatli shakllar vositasida o’tkaziladigan saylovlarda o’z aksini topishi lozim.

22-MODDA
Har bir inson jamiyat a’zosi sifatida milliy kuch-harakatlar hamda xalqaro hamkorlik vositasida va har bir davlatning tuzilishi, shuningdek, resurslariga muvofiq ijtimoiy ta’minotga va o’zining qadr-qimmatini saqlash, shaxsining erkin rivojlanishi uchun zarur bo’lgan iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalardagi huquqini amalga oshirishga haqli.

23-MODDA
1. Har bir inson mehnat qilish, ishni erkin tanlash, adolatli va qulay ish sharoitiga ega bo’lish va ishsizlikdan himoya qilinish huquqiga ega.

2. Har bir inson hech bir kamsitishsiz teng mehnat uchun teng haq olish huquqiga ega.

3. Har bir ishlovchi kishi o’zi va oilasi uchun insonga munosib yashashni ta’minlaydigan adolatli va qoniqarli daromad olishga, zarur bo’lganda ijtimoiy ta’minotning boshqa vositalari bilan to’ldiriluvchi daromad olish huquqiga ega.

4. Har bir inson kasaba uyushmalari tuzish va o’z manfaatlarini himoya qilish uchun kasaba uyushmalariga kirish huquqiga ega.

24-MODDA
Har bir inson dam olish va bo’sh vaqtga ega bo’lish, shu jumladan ish kunini oqilona cheklash huquqi va haq to’lanadigan mehnat ta’tili olish huquqiga ega.

25-MODDA
1. Har bir inson o’zining hamda oilasining salomatligi va farovonligini ta’minlash uchun zarur bo’lgan turmush darajasiga ega bo’lish, jumladan kiyim-kechak, oziq-ovqat, tibbiy xizmat va zarur ijtimoiy xizmatga ega bo’lishga hamda ishsizlik, kasallik, nogironlik, bevalik, qarilik yoki unga borliq bo’lmagan sharoitlarga ko’ra tirikchilik uchun mablag’ bo’lmay qolgan boshqa hollarda ta’minlanish huquqiga ega.

2. Onalik va bolalik alohida g’amxurlik va yordam huquqini beradi. Barcha bolalar, nikohda yoki nikohsiz tug’ilishidan qat’i nazar, bir xil ijtimoiy himoyadan foydalanishi kerak.

26-MODDA
1. Har bir inson ta’lim olish huquqiga ega. Ta’lim olishda hech bo’lmaganda boshlang’ich va umumiy ta’lim tekin bo’lishi lozim. Boshlang’ich ta’lim majburiy bo’lishi kerak. Texnik va hunar ta’limi hammaning qurbi etadigan darajada bo’lishi, oliy ta’lim esa har kimning qobiliyatiga asosan hamma uchun etarli imkoniyat doirasida bo’lmog’i kerak.

2. Ta’lim inson shaxsini to’la barkamol qilishga va inson huquqlari hamda asosiy erkinliklariga nisbatan hurmatni kuchaytirishga qaratilmog’i lozim. Ta’lim barcha xalqlar, irqiy va diniy guruhlar o’rtasida bir-birini tushunish, xayrixohlik va do’stlikka xizmat qilishi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlikni saqlash borasidagi faoliyatiga yordam berishi kerak.

3. Kichik yoshdagi bolalari uchun ota-onalar ta’lim turini tanlashda imtiyozli huquqqa egadir.

27-MODDA
Har bir inson jamiyatning madaniy hayotida erkin ishtirok etishga, san’atdan bahramand bo’lishga, ilmiy taraqqiyotda ishtirok etish va uning samaralaridan foydalanish huquqiga ega.

28-MODDA
Har bir inson ushbu Deklaratsiyada bayon etilgan huquq va erkinliklar to’liq amalga oshirilishi mumkin bo’lgan ijtimoiy va xalqaro tartib bo’lishi huquqiga egadir.

29-MODDA
1. Har bir inson jamiyat oldida burchlidir, faqat shu holatdagina uning shaxsi erkin va to’liq kamol topishi mumkin.

2. Har bir inson o’z huquqi va erkinliklaridan foydalanishda o’zgalarning huquq va erkinliklarini demokratik jamiyatda etarli darajada bo’lishini hamda hurmat qilinishini ta’minlash, axloq, jamoat tartibi, umum farovonligining odilona talablarini qondirish maqsadidagina qonunda belgilangan cheklanishlarga rioya etishi kerak.

3. Ushbu huquq va erkinliklarni amalga oshirish Birlashgan Millatlar Tashkilotining maqsad va printsiplariga hech zid bo’lmasligi kerak.

30-MODDA
Ushbu Deklaratsiyadagi hech bir narsa biror bir davlat, kishilar guruhi yoki alohida shaxslar mazkur Deklaratsiyada bayon etilgan huquq va erkinliklarni yo’q, qilishga yo’naltirilgan faoliyat bilan shug’ullanishi yoki harakat qilishi mumkin deb talqin etilmasligi kerak.

Manba: constitution.uz