Yoshlar siyosati rukni

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqidan

bmt

Sudlarning chinakam mustaqilligi va qonun ustuvorligini ta’minlashga yo‘naltirilgan keng qamrovli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu borada muhim qonun hujjatlari qabul qilinib, mustaqil tuzilma – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.
Mamlakatimizda iqtisodiy islohotlar jadal davom ettirilmoqda. Biz birinchi marta kambag‘allikni kamaytirish haqidagi qat’iy qarorimizni ochiq e’lon qildik.Bunga tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, investitsiya va biznes muhitini yaxshilash hamda zamonaviy infratuzilmani barpo etish, odamlarni yangi kasb-hunarlarga o‘rgatish va aholiga manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatish orqali erishmoqdamiz.
Mamlakatimiz aholisining yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil etadi. Respublikamizda har bir yigit-qizning jamiyatda munosib o‘rin egallashi va o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonda Yoshlar parlamentlari, Yoshlar ishlari agentligi faoliyat ko‘rsatmoqda.


5 TA MUHIM TASHABBUS

5

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yoshlarga e‘tiborni kuchaytirish, ularni madaniyat, san‘at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularga axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini singdirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishi o‘tkazildi.

Mamlakatimiz aholisining 30 foizini 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar tashkil etadi. Ularning ta‘lim olishi, kasb-hunar egallashi uchun keng sharoit yaratilgan. Shu bilan birga, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishni tashkil etish dolzarb masala hisoblanadi. Yoshlar qanchalik ma‘naviy barkamol bo‘lsa, turli yot illatlarga qarshi immuniteti ham shunchalik kuchli bo‘ladi.
Ma‘lumki, davlatimiz rahbari ijtimoiy, ma‘naviy-ma‘rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surgan edi.

Birinchi tashabbus – yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san‘atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, iste‘dodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.

Ikkinchi tashabbus – yoshlarni jismoniy chiniqtirish, sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan.

Uchinchi tashabbus – aholi va yoshlar o‘rtasida kompьyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan.

To‘rtinchi tashabbus – yoshlar ma‘naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan.

Beshinchi tashabbus – xotin-qizlarni ish bilan ta‘minlash masalalarini nazarda tutadi.

Ana shu ezgu g‘oya Prezidentimizning Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida boshlanib, qisqa vaqtda ulkan ishlar amalga oshirildi. Sirdaryo viloyatidagi tuman va shaharlar kutubxonalariga 300 ming nusxada badiiy adabiyotlar yetkazib berildi. Musiqa va san‘at maktablari cholg‘u asboblari, sport ob‘ektlari jihozlar bilan ta‘minlandi.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu 5 ta tashabbus xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Birinchi tashabbus bo‘yicha, bugungi kunda, mamlakatimizdagi 800dan ortiq madaniyat markazlari, 312ta musiqa va san‘at maktablariga atigi 130 ming nafar o‘g‘il-qiz qamrab olingani, mazkur muassasalarning aksariyati o‘quv qo‘llanmalari, notalar to‘plami, musiqa asboblari, mebelь va jihozlar bilan yetarli darajada ta‘minlanmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Davlatimiz rahbari joylardagi madaniyat markazlari, musiqa va san‘at maktablarining moddiy-texnik bazasi va ulardan foydalanish holatini o‘rganib, ularning faoliyatini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Madaniyat vazirligi va Xalq ta‘limi vazirligiga hokimliklar bilan birgalikda tuman (shahar) madaniyat markazlari va umumta‘lim maktablarida yoshlarning qiziqishlaridan kelib chiqib, qo‘shimcha 1,5 mingta to‘garak tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Tashabbuskor iste‘dodli yoshlar va mahalliy homiylarni jalb etgan holda, madaniyat markazlarida badiiy-havaskorlik jamoalari, yoshlar teatr-studiyalari va “Yoshlar klublari” tashkil qilish zarurligi ta‘kidlandi.
Atoqli san‘atkor va iste‘dodli ijodkorlarni tumanlardagi madaniy ishlarga ko‘makchi sifatida biriktirish yaxshi natija berayotganini inobatga olinib, bu tajribani butun respublikaga yoyish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Unga muvofiq, taniqli artistlar tuman va shaharlarga ijodiy maslahatchi sifatida biriktirilib, o‘sha joylarda madaniyat va san‘atni rivojlantirishga mas‘ul bo‘ladi, tuman va shaharlar hokimlari esa ushbu ishlarga moddiy va tashkiliy jihatdan yordam beradi.
Musiqa va san‘at sohasida oliy ma‘lumotli kadrlarni ko‘paytirish masalasiga ham e‘tibor qaratildi.
Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim hamda Xalq ta‘limi vazirliklariga muayyan mavzular bo‘yicha tarix darslarini muzeylar, tarixiy obidalar, qadamjo va teatrlarda sayyor o‘tkazilishini tashkil qilish topshirildi.
Ikkinchi tashabbusga doir masalalar muhokama qilinar ekan, mamlakatimizda 12 mingdan ziyod sport inshootlari borligi, lekin yoshlarni jismoniy tarbiya va ommaviy sportga qamrab olish darajasi yetarli emasligi qayd etildi.
Tuman va shaharlar hokimlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlariga mutaxassislar bilan birgalikda yoshlarning sport turlariga qiziqishi hamda sport inshootlarining jihozlanish darajasini o‘rganib, shu asosda takliflar berish, Vazirlar Mahkamasiga ularni amalga oshirish uchun zarur mablag‘lar manbasini aniqlash vazifasi qo‘yildi.
Olis va chekka qishloqlarda yengil konstruktsiyali sendvich panellardan kichik sport zallari va sun‘iy qoplamali maydonlar qurish, tashabbuskor tadbirkorlarga sport inshootlari tashkil etish uchun yer ajratish zarurligi ta‘kidlandi. Bunday tadbirkorlarga O‘zmilliybank tomonidan “Yoshlar – kelajagimiz” dasturi doirasida imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Joylardagi sport maktablariga xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘lgan taniqli sportchilarni rahbar etib tayinlash, shuningdek, sportchilarni oliy o‘quv yurtlarining maxsus sirtqi bo‘limlarida maqsadli o‘qitish yaxshi natija berishi qayd etildi. Bolalar-o‘smirlar sport maktablari sonini ko‘paytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Uchinchi tashabbus bo‘yicha videoselektorda yoshlarni internetdagi zararli xurujlardan asrash, ularni axborot texnologiyalaridan unumli foydalanishga o‘rgatish masalalariga ham alohida ahamiyat qaratildi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga ilg‘or xalqaro tajribalar asosida barcha shahar va tumanlar markazlarida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi. Bu markazlarda elektron tijorat va dasturlash bepul o‘rgatiladi, axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish bo‘yicha innovatsion ko‘nikmalar beriladi, “startap” loyihalarga yordam ko‘rsatiladi.
Bugungi kunda barcha maktablarda kompьyuter texnikalari bo‘lishiga qaramasdan, internet xizmatidan yetarli darajada foydalanilmayotgani tanqid qilindi. Xalq ta‘limi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga 2021 yilgacha barcha maktablardagi kompьyuter sinflarini zamonaviy texnologiyalar va yuqori tezlikdagi internet tarmog‘i bilan ta‘minlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Tashabbuskor tadbirkorlarni jalb qilgan holda, kompьyuter o‘yinlari markazlarini tashkil etish, ularda yoshlarning bilim va dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladigan test, viktorina, rivojlantirish strategiyalari va boshqa foydali dasturlar bo‘lishi zarurligi ta‘kidlandi.
To‘rtinchi tashabbus bo‘yicha yoshlarda bolalik chog‘idan kitobga mehr uyg‘otish, mustaqil fikr va keng dunyoqarashni shakllantirish ularning hayot yo‘llarida mustahkam zamin bo‘ladi.
Lekin ko‘plab qishloq va mahallalarda buning uchun zarur sharoit mavjud emas. Ilgarigi kutubxonalar o‘rnida tashkil etilgan “Axborot-resurs markazlari” o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni bajara olmadi.
Shu holatlarni hisobga olib, yangi tashabbus doirasida yoshlar sonidan kelib chiqqan holda joylarga qo‘shimcha kitoblar yetkazib berish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari mutasaddi vazirlik va uyushmalarga “Kitob karvoni” loyihasi doirasida badiiy, ma‘rifiy, ijtimoiy mavzularda kitoblar chop etish hamda    Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarga 1 million nusxadan kam bo‘lmagan miqdorda yetkazib berish bo‘yicha topshiriq berdi.
Yig‘ilishda mahalliy hokimliklar har bir shahar va tuman markazida bittadan namunali kitob do‘koni tashkil etishi kerakligi ta‘kidlandi. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga barcha shahar va tumanlarda ko‘chma kitob pavilonlarini joylashtirish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda “Bibliobus”larni yo‘lga qo‘yish orqali qishloq va ovullar aholisiga kutubxona xizmati ko‘rsatish vazifasi qo‘yildi.
Beshinchi tashabbus bo‘yicha yig‘ilishda xotin-qizlarni ish bilan ta‘minlash masalalari ham muhokama qilindi.
Shu maqsadda 2019-2020 yillarda barcha tumanlarda sendvich panellardan 195 ta tikuv-trikotaj korxonalarini qurish belgilangan. Ularni qurish uchun aholi zich yashaydigan, mehnat resurslari ko‘p joylar tanlab olingan. Bu korxonalarni tashkil etish natijasida xotin-qizlar uchun 24 mingdan ortiq doimiy ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
Prezidentimiz mehnat qilish istagidagi ayollar ish o‘rinlari sonidan ancha ko‘pligini hisobga olib, korxonalarda ishni 2 smenada tashkil etish, ularda xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish zarurligini ta‘kidladi.


YOSHLARGA OID DAVLAT SIYOSATI TO‘G‘RISIDA

1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
yoshlarga oid davlat siyosati — davlat tomonidan amalga oshiriladigan hamda yoshlarni ijtimoiy jihatdan shakllantirish va ularning intellektual, ijodiy va boshqa yo‘nalishdagi salohiyatini kamol toptirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutadigan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va huquqiy chora-tadbirlar tizimi;
yoshlar (yosh fuqarolar) — o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan shaxslar;
yosh oila — er-xotinning ikkisi ham o‘ttiz yoshdan oshmagan oila yoxud farzand (bola) tarbiyalab voyaga yetkazayotgan o‘ttiz yoshdan oshmagan yolg‘iz otadan yoki yolg‘iz onadan iborat bo‘lgan oila, shu jumladan nikohdan ajralgan, beva erkak (beva ayol);
yosh mutaxassis — oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini bitirgan, ta’lim muassasasini bitirganidan so‘ng olgan ixtisosligi bo‘yicha uch yil ichida ishga kirgan va ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatda ko‘rsatilgan ixtisosligi bo‘yicha ishlayotganiga uch yildan ko‘p bo‘lmagan o‘ttiz yoshdan oshmagan xodim;
yoshlar tadbirkorligi — yuridik shaxs tashkil etmagan holda yosh fuqarolar tomonidan, shuningdek ta’sischilari yosh fuqarolar bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyati.
4-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy prinsiplari
Yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
ochiqlik va shaffoflik;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda yoshlarning ishtirok etishi;
yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish;
ma’naviy, axloqiy va madaniy qadriyatlarning ustuvorligi;
yoshlarning kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmasligi.
5-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari
Yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash;
yoshlarning hayoti va sog‘lig‘ini saqlash;
yoshlarning ma’naviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashish;
yoshlar uchun ochiq va sifatli ta’limni ta’minlash;
yoshlarni ishga joylashtirish va ularning bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish;
yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik tuyg‘usi, bag‘rikenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli ta’sirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga bo‘lgan qat’iy ishonch va qarashlarga ega qilib tarbiyalash;
yoshlarni axloqiy negizlarni buzishga olib keladigan xatti-harakatlardan, terrorizm va diniy ekstremizm, separatizm, fundamentalizm, zo‘ravonlik va shafqatsizlik g‘oyalaridan himoya qilish;
yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish;
iqtidorli va iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish;
yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
yoshlarda sog‘lom turmush tarziga intilishni shakllantirish, shuningdek yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va yoshlar sportini ommaviy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
yosh oilalarni ma’naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar tizimini amalga oshirish;
yoshlarning huquqlari va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish.
6-modda. Yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlari, hududiy va boshqa dasturlar
Yoshlarga oid davlat siyosati davlat dasturlari, hududiy va boshqa dasturlar asosida amalga oshirilishi mumkin.
Davlat dasturlari, hududiy va boshqa dasturlar yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yosh fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ro‘yobga chiqarishni ta’minlaydigan zarur shart-sharoitlarni yaratish, jamiyat hayotida ularning o‘rni va faolligini oshirish, sog‘lom va barkamol yosh avlodni tarbiyalash maqsadida ishlab chiqiladi hamda amalga oshiriladi.
2-bob. Yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi organlar va muassasalar
7-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
yoshlarga oid davlat siyosatining ro‘yobga chiqarilishini ta’minlaydi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarining ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini ta’minlaydi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi va qabul qiladi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi organlar va muassasalarning faoliyatini o‘z vakolatlari doirasida muvofiqlashtiradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishning borishini umumlashtirish va tahlil qilishni tashkil etadi hamda uni yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘radi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarish masalalari bo‘yicha davlat organlari va muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining hamkorligini ta’minlaydi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
8-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlari:
tegishli hududda yoshlarga oid davlat siyosatining ro‘yobga chiqarilishini ta’minlaydi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi hududiy dasturlarni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va amalga oshiradi;
tegishli hududda yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi organlar va muassasalarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishning samaradorligini oshirish uchun yoshlarning ehtiyoji monitoringi olib borilishini va baholanishini ta’minlaydi;
yoshlarning bandligi va ularni ishga joylashtirish siyosati ro‘yobga chiqarilishini ta’minlaydi, mehnat bozori va yosh mutaxassislarni ishga joylashtirish amaliyoti monitoringini tashkil etadi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qiladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
9-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi organlar va muassasalar tizimi
Yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi organlar va muassasalar tizimiga quyidagilar kiradi:
ta’limni davlat tomonidan boshqarish organlari va ta’lim muassasalari;
davlat sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sog‘liqni saqlash muassasalari;
jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha organlar;
madaniyat organlari;
mehnat organlari;
prokuratura organlari;
ichki ishlar organlari;
adliya organlari;
mudofaa ishlari bo‘yicha organlar.
Yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda boshqa organlar va muassasalar ham qonun hujjatlariga muvofiq ishtirok etishi mumkin.
10-modda. Ta’limni davlat tomonidan boshqarish organlarining va ta’lim muassasalarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Ta’limni davlat tomonidan boshqarish organlari va ta’lim muassasalari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
ta’lim sifatini oshirishga, malakali kadrlarni tayyorlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni va boshqa hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
manfaatdor organlar va muassasalar bilan birgalikda o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bandligining tahlilini amalga oshiradi hamda uning natijalari asosida ta’lim muassasalarida mutaxassislarni tayyorlashni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi;
yoshlarning ta’limi va tarbiyasi sifatini oshirish, o‘quv jarayoniga ta’limning zamonaviy shakllari va usullarini joriy etish chora-tadbirlarini ko‘radi;
ta’lim muassasalarida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishni ta’minlash maqsadida sport seksiyalari, fan, texnika to‘garaklari va ijodiy to‘garaklar, klublar tashkil etadi;
yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, shuningdek ularni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga doir faoliyatda ishtirok etadi;
imkoniyati cheklangan yoshlarga ijtimoiy-psixologik va pedagogik yordam ko‘rsatadi;
yosh fuqarolarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘radi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Ta’limni davlat tomonidan boshqarish organlari va ta’lim muassasalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
11-modda. Davlat sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish organlarining va sog‘liqni saqlash muassasalarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Davlat sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sog‘liqni saqlash muassasalari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlar o‘rtasida sanitariya-gigiyenaga oid bilimlarni tarqatish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha targ‘ibotni tashkil etadi;
yoshlar o‘rtasida tizimli tibbiy tekshiruvlarni tashkil etadi;
imkoniyati cheklangan yoshlarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
ichkilikbozlikka, giyohvandlikka, zaharvandlikka chalingan, ruhiy holati buzilgan, yuqumli kasalliklarga va boshqa ijtimoiy xavfli kasalliklarga chalingan yosh fuqarolarni aniqlaydi, ularni hisobga olishni, tekshiruvdan o‘tkazishni, shuningdek tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilishni va ijtimoiy moslashtirishni amalga oshiradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Davlat sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sog‘liqni saqlash muassasalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
12-modda. Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha organlarning yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha organlar:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga bo‘lgan intilishni va sportga qiziqishni rag‘batlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
yoshlar o‘rtasida xalq o‘yinlari, milliy va boshqa sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilishini tashkil etadi;
yoshlar o‘rtasida xalqaro sport aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlashda, sport musobaqalarini o‘tkazishda ishtirok etadi;
jismoniy tarbiya va sport sohasida xalqaro hamda respublika miqyosida o‘tkaziladigan tadbirlarda iqtidorli va iste’dodli yoshlarning ishtirok etishini ta’minlaydi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha organlar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
121-modda. Madaniyat organlarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Madaniyat organlari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlar o‘rtasida badiiy ijodiyot, xalq va havaskorlik ijodiyoti targ‘ibotini amalga oshiradi;
yoshlar o‘rtasida kino, teatr, musiqa, xoreografiya, tasviriy san’atni, sirk, xalq amaliy san’atini va estrada san’atini rivojlantirishga, ularning g‘oyaviy-badiiy va axloqiy saviyasini oshirishga ko‘maklashadi;
yoshlar o‘rtasidagi ommaviy-madaniy va bayram tadbirlari g‘oyaviy mazmun bilan to‘ldirilishini ta’minlaydi, ijodiy uyushmalar va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi;
yoshlar o‘rtasida xalqaro madaniy aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashda, konferensiyalar va ko‘rgazmalar o‘tkazishda ishtirok etadi;
ijodkor yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi, ularning o‘z iqtidori va iste’dodini to‘laqonli namoyon qilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi;
ijodiy safarlar tashkil etilishini hamda madaniyat sohasida xalqaro va respublika miqyosida o‘tkaziladigan ko‘riklarda, tanlovlarda, festivallarda, boshqa tadbirlarda iqtidorli va iste’dodli yoshlarning ishtirok etishini ta’minlaydi;
milliy o‘zlikni anglashda mustaqillik, yuksak ma’naviyat, insonparvarlik an’analariga sadoqat g‘oyalarini yanada chuqur singdirish, radikalizm va ekstremizmning yot g‘oyalariga qarshi immunitetni mustahkamlash borasida yoshlar o‘rtasida ma’rifiy ishlarni amalga oshiradi;
xalqimiz tarixi va bugungi hayotining eng yorqin sahifalarini, mamlakatimizning erkin demokratik taraqqiyotini aks ettiruvchi asarlar yaratishda ijodiy jamoalarga, ayniqsa ijodkor yoshlarga har tomonlama ko‘maklashadi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Madaniyat organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(121-modda O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 13-iyundagi O‘RQ-436-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — O‘R QHT, 2017-y., 24-son, 487-modda)
13-modda. Mehnat organlarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Mehnat organlari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarning bandligi darajasini tizimli asosda tahlil qiladi, ularning bandligini ta’minlashda ishtirok etadi;
yoshlarni kasbga o‘qitish va qayta tayyorlash bo‘yicha tizimni tashkil etadi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Mehnat organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
14-modda. Prokuratura organlarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Prokuratura organlari:
yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining aniq va bir xilda ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi qonun ijodkorligi faoliyatida ishtirok etadi;
yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiradi, shu jumladan huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va bunga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlaydi, bartaraf etadi;
yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir faoliyatda ishtirok etadi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Prokuratura organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
15-modda. Ichki ishlar organlarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Ichki ishlar organlari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir faoliyatda ishtirok etadi;
yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiradi, shu jumladan huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va bunga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlaydi, bartaraf etadi;
yosh fuqarolarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish chora-tadbirlarini ko‘radi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Ichki ishlar organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
16-modda. Adliya organlarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Adliya organlari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi qonun ijodkorligi faoliyatida ishtirok etadi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi;
yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir faoliyatni amalga oshiradi hamda muvofiqlashtiradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Adliya organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
17-modda. Mudofaa ishlari bo‘yicha organlarning yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Mudofaa ishlari bo‘yicha organlar:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarning chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarligini tashkil etishda ishtirok etadi;
yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga doir tadbirlarda ishtirok etadi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Mudofaa ishlari bo‘yicha organlar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
18-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ishtirok etishi
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan yosh fuqarolarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qo‘shimcha moddiy yordam ko‘rsatadi;
yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, ularning jamiyat hayotidagi roli va faolligini oshirishga, sog‘lom va barkamol yosh avlodni tarbiyalashga, oilada ma’naviy-axloqiy muhitni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘radi;
yoshlarni tarbiyalash masalalari yuzasidan ta’lim muassasalari va boshqa muassasalar bilan hamkorlik qiladi;
tegishli hududda joylashgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda yoshlarning bandligini ta’minlashga ko‘maklashadi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi, davlat dasturlarining va hududiy dasturlarning ro‘yobga chiqarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda boshqa organlar va muassasalar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qiladi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
19-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtirok etishi
Nodavlat notijorat tashkilotlari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarda hayotga bo‘lgan qat’iy ishonch va qarashlarni shakllantirishda, ularni qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli ta’sirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan qilib tarbiyalashda ishtirok etadi;
sog‘lom va barkamol yoshlarni tarbiyalashga, jamiyat hayotida ularning roli hamda faolligini oshirishga doir tadbirlarni tashkil etadi va o‘tkazadi;
yoshlarni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni, yosh fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni hamda ro‘yobga chiqarishni ta’minlaydigan shart-sharoitlarni yaratishga ko‘maklashadi;
fan, sport, san’at va madaniyat sohasida yoshlarning ijodiy iste’dodi va qobiliyatini erta aniqlashga hamda rivojlantirishga ko‘maklashadi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi, davlat dasturlarining va hududiy dasturlarning ro‘yobga chiqarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
yoshlarda sog‘lom turmush tarziga intilishni shakllantirishda, yuqumli kasalliklarga va boshqa ijtimoiy xavfli kasalliklarga, ichkilikbozlikka, giyohvandlikka, zaharvandlikka, kashandalikka hamda o‘zga zararli illatlarga qarshi kurashishga doir profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirishda, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishda, yoshlar sportini ommaviy rivojlantirishda ishtirok etadi;
yoshlar orasida ekologik madaniyatni oshirishga, ekologik ta’lim va tarbiyani rivojlantirishga ko‘maklashadi;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yoshlarni o‘qitish bilan shug‘ullanishi mumkin;
yoshlarni tadbirkorlikka jalb etishga, kasbga yo‘naltirishga, qayta tayyorlashga va malakasini oshirishga ko‘maklashadi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
Davlat yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtirok etishini kafolatlaydi va ta’minlaydi.
20-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ommaviy axborot vositalarining ishtirok etishi
Ommaviy axborot vositalari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishga, shu jumladan sog‘lom va barkamol yosh avlodni tarbiyalashga, jamiyat hayotida uning roli va faolligini oshirishga, huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan tadbirlarni yoritadi;
yoshlarning ma’naviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashishga doir tadbirlarda ishtirok etadi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi, davlat dasturlari va hududiy dasturlar ro‘yobga chiqarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi organlar va muassasalar, shuningdek fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarish masalalari bo‘yicha hamkorlik qiladi.
Ommaviy axborot vositalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
21-modda. Yoshlarning nodavlat notijorat tashkilotlari
Yoshlarning nodavlat notijorat tashkiloti jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriylik asosida tashkil etilgan, daromad (foyda) olishni o‘z faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan hamda olingan daromadlarni (foydani) o‘z ishtirokchilari (a’zolari) o‘rtasida taqsimlamaydigan, yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishni hamda himoya qilishni, shuningdek yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirishni o‘zining maqsadlari deb biladigan, o‘zini o‘zi boshqaradigan tashkilotdir.
Yoshlarning nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat moddiy va moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi, ularga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ta’lim muassasalarining binolaridan, klublar, madaniyat va aholi dam olish markazlaridan, sport inshootlaridan va boshqa inshootlardan foydalanish huquqini beradi.
Yoshlarning nodavlat notijorat tashkiloti o‘z ustavida nazarda tutilgan, faoliyatini moddiy jihatdan ta’minlash uchun zarur bo‘lgan binolarga, inshootlarga, uy-joy fondiga, uskunalarga, ashyolarga, madaniy-ma’rifiy va sog‘lomlashtirish uchun mo‘ljallangan mol-mulkka, pul mablag‘lariga, qimmatli qog‘ozlarga va boshqa mol-mulkka ega bo‘lishi mumkin.
O‘n to‘rt yoshga to‘lgan shaxs yoshlarning nodavlat notijorat tashkiloti a’zosi bo‘lishi mumkin. Yoshlarning nodavlat notijorat tashkilotiga a’zo bo‘lish, a’zolikni yo‘qotish shartlari va tartibi, shu jumladan yoshiga ko‘ra uning a’zoligidan chiqish shartlari tegishli nodavlat notijorat tashkilotining ustavida belgilanadi.
3-bob. Yoshlarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish
22-modda. Yoshlar huquqlari va erkinliklarining kafolatlari
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga hamda qonunga muvofiq har bir yosh fuqaroning huquqlari va erkinliklari kafolatlanadi.
Yosh fuqarolarning huquqlari va erkinliklari cheklanishi mumkin emas, qonunda belgilangan hollar bundan mustasno.
Jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, yoshlarning huquqlari va erkinliklarini biror bir tarzda bevosita yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi hamda bunday cheklash qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Davlat voyaga yetmaganlarni jazoni ijro etish muassasalarida va ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarida saqlashda shaxsning huquqlariga va qadr-qimmati hurmat qilinishiga, insonparvarlik prinsiplariga rioya etilishini kafolatlaydi.
Voyaga yetmaganlar uchun ular sodir etgan huquqbuzarlikning og‘irlik darajasi va ularning yoshi hisobga olingan holda jazoni ijro etish muassasalarida va ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarida qonun hujjatlariga muvofiq tabaqalashtirilgan rejimda saqlash nazarda tutiladi.
23-modda. Yoshlarni ijtimoiy himoya qilish kafolatlari
Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yoshlar uchun quyidagilar kafolatlanadi:
bepul tibbiy xizmat ko‘rsatilishi;
bepul umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim olish;
davlat ta’lim muassasalarida davlat grantlari doirasida bepul kasb-hunar va oliy ta’lim olish;
davlat sport-sog‘lomlashtirish va madaniy-ma’rifiy muassasalariga borish uchun shart-sharoitlar yaratish;
uy-joy qurish, olish va uni rekonstruksiya qilish uchun imtiyozli kreditlar berish;
ta’lim muassasalarida o‘qish uchun imtiyozli kreditlar berish;
yetim bolalarni va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni turar joylar bilan ta’minlash;
o‘rta maxsus, kasb-hunar yoki oliy ta’lim muassasasini bitirganidan keyin bandlikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish;
mehnat sohasida yoshga doir o‘ziga xosliklarni inobatga olgan holda imtiyozlar berish va ishni ta’lim bilan qo‘shib olib borish uchun shart-sharoitlar yaratish;
ijtimoiy infratuzilma obyektlarini loyihalashtirish va qurish chog‘ida yoshlarning ehtiyojlarini hisobga olish;
jamoat transportidan foydalanishda imtiyozlar berish.
Ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlashishga qodir bo‘lmagan yosh fuqarolarni ishga joylashtirishga yordam qo‘shimcha ish o‘rinlari va ixtisoslashtirilgan korxonalarni barpo etish, o‘qitish bo‘yicha maxsus dasturlarni tashkil etish, shuningdek ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan yoshlarni ishga joylashtirish uchun korxonalar, muassasalar, tashkilotlarda ish joylarining eng kam miqdori zaxirasini yaratish yo‘li bilan ta’minlanadi.
Kam ta’minlangan yosh oilalarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda moddiy yordam berish choralari ko‘rilishi mumkin.
O‘quv jarayoni vaqtida o‘quvchilar va talabalarni jamoatchilik ishlariga jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan ular tomonidan tanlangan mutaxassislikka mos va o‘quv-ishlab chiqarish amaliyotining shakli bo‘lgan hollar yoxud o‘quvchilar va talabalar o‘qishdan bo‘sh vaqtida ixtiyoriy mehnat qilgan hollar mustasno. Mazkur mehnat faoliyatiga mehnat to‘g‘risidagi yoki fuqarolik qonun hujjatlariga muvofiq shartnoma mavjud bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.
Qonun hujjatlarida yoshlarni ijtimoiy himoya qilishning boshqa kafolatlari ham berilishi mumkin.
24-modda. Yoshlarni davlat tomonidan qo‘llab- quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari
Yosh fuqarolar va yosh oilalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida davlat tomonidan quyidagilar vositasida yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari nazarda tutilishi mumkin:
oilaviy hayotga oid muammolar, psixologik-pedagogik, huquqiy va boshqa masalalar yuzasidan maslahatlar berish tizimini rivojlantirish;
yoshlarga ijtimoiy xizmat, ijtimoiy yordam ko‘rsatuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari tizimini rivojlantirish;
yoshlarning dam olishi va ularni sog‘lomlashtirishni tashkil etish tizimini rivojlantirish.
Qonun hujjatlarida yoshlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning boshqa qo‘shimcha chora-tadbirlari ham nazarda tutilishi mumkin.
25-modda. Iqtidorli va iste’dodli yoshlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash
Iqtidorli va iste’dodli yoshlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash:
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mukofotlar, stipendiyalar belgilash, ta’lim grantlari taqdim etish;
fan, madaniyat va san’at sohasida ijodiy ustaxonalar va maktablarni tashkil etishga ko‘maklashish;
umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarida sport seksiyalari, fan, texnika to‘garaklari va ijodiy to‘garaklar faoliyatini tashkil etish;
iqtidorli va iste’dodli yoshlarni aniqlash va rag‘batlantirish maqsadida tanlovlar, olimpiadalar, ko‘rgazmalar, festivallar, ko‘riklar, konsertlar, simpoziumlar, o‘qishlar, konferensiyalar, seminarlar tashkil etish hamda o‘tkazish;
yoshlarga oid xalqaro tajriba almashuvi;
iqtidorli va iste’dodli yoshlarni ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida, shu jumladan xorijiy mamlakatlarda o‘qitish, qayta tayyorlash va amaliyotni o‘tash dasturlaridan tanlov asosida foydalanishini ta’minlash;
ilmiy-tadqiqot, madaniy-ma’rifiy ishlarni o‘tkazish uchun yosh mutaxassislar va olimlarga shart-sharoitlar yaratish, yosh olimlarning ishlanmalarini amaliyotga joriy etishga ko‘maklashish, shuningdek yoshlarning kadrlar salohiyatini saqlab qolish hamda rivojlantirish;
sport-ta’lim muassasalari, klublari tarmoqlarini rivojlantirish, iqtidorli va iste’dodli yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar o‘rtasida sport musobaqalarini o‘tkazish;
iqtidorli va iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlayotgan jismoniy va yuridik shaxslarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rag‘batlantirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Qonun hujjatlarida iqtidorli va iste’dodli yoshlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning boshqa chora-tadbirlari ham nazarda tutilishi mumkin.
26-modda. Yoshlar tadbirkorligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash
Davlat yoshlarning iqtisodiy mustaqilligini qo‘llab-quvvatlaydi.
Yoshlar tadbirkorligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash:
davlat organlari tomonidan yoshlar tadbirkorligini tashkil etishda ko‘maklashish;
yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish maqsadida imtiyozli kreditlar berish;
yoshlarni tadbirkorlik faoliyati asoslari bo‘yicha o‘qitish, ta’lim muassasalari va ish beruvchilar o‘rtasida hamkorlikni shartnoma asosida rivojlantirish;
yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dasturlarini ishlab chiqish va ro‘yobga chiqarish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq tegishli imtiyozlar va afzalliklar belgilanadi.
27-modda. Yoshlar ijtimoiy xizmati
Yoshlarni va yosh oilalarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida yoshlar ijtimoiy xizmati faoliyat ko‘rsatadi.
Yoshlar ijtimoiy xizmati faoliyatining yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
yosh fuqarolarga psixologik-pedagogik, yuridik yordam ko‘rsatish va maslahatlar berish;
imkoniyati cheklangan yosh fuqarolarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish;
yosh oilalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish;
ta’lim va mehnat jamoalarida yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish;
yosh mutaxassislarga yangi ish joyiga moslashishida, ularni qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ularni uy-joy bilan ta’minlashga ko‘maklashish;
voyaga yetmaganlar uchun ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarida ijtimoiy yordam ko‘rsatish;
ozodlikdan mahrum etish joylaridan va ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan yosh fuqarolarni ijtimoiy moslashtirish;
yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga ko‘maklashish;
huquqiy targ‘ibot, yoshlarni ishga joylashish, ta’lim olish va kasbiy tayyorgarlik borasida, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, turizm va sport sohasidagi imkoniyatlar to‘g‘risida xabardor etish;
yoshlarning yashash joylarida bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishini tashkil etish.
Yoshlar ijtimoiy xizmati o‘z faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ham amalga oshirishi mumkin.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
28-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatini moliyaviy jihatdan ta’minlash
Yoshlarga oid davlat siyosatini moliyaviy jihatdan ta’minlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining, homiylarning mablag‘lari va boshqa mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
29-modda. Nizolarni hal etish
Yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
30-modda. Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
31-modda. Ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish
Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin:
1) O‘zbekiston Respublikasining 1991-yil 20-noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi 429-XII-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-yil, № 2, 80-modda);
2) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 20-noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini kuchga kiritish tartibi haqida”gi 430-XII-sonli Qarori (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-yil, № 2, 81-modda);
3) O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 1-mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 621-I-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 5–6, 102-modda) I bo‘limining 3-bandi;
4) O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 30-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 621-II-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-yil, № 5, 90-modda) III bo‘limi;
5) O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi 714-II-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2005-yil, № 1, 18-modda) I bo‘limining 8-bandi;
6) O‘zbekiston Respublikasining 2008-yil 31-dekabrda qabul qilingan “Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘RQ-197-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-yil, № 12, 640-modda) 3-moddasi.
32-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
33-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 14-sentabr,
O‘RQ-406-son


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI YOSHLAR ISHLARI AGENTLIGI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6017-son Farmoniga muvofiq:
1. Quyidagilar:
a) O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
b) O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni:
75 shtat birligidan iborat O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi markaziy apparatining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
766 shtat birligidan iborat O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarining hamda tuman (shahar) bo‘limlarining tuzilmalari 3 va 4-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) direktoriga zarurat bo‘lganda, Agentlikning markaziy apparati va hududiy bo‘linmalari, shuningdek, idoraviy bo‘ysunuvidagi tashkilotlar tuzilmalariga boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni hamda mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
2. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining yoshlar hayoti, orzu-intilish va muvaffaqiyatlarini keng yoritish, muammo va kamchiliklari yechimiga qaratilgan ko‘rsatuv, maqola va eshittirishlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida ushbu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi ommaviy axborot vositalari va nashriyotlardagi ulushlarini Agentlikka berish hamda Agentlik tomonidan ular negizida aksiyadorlik jamiyati shaklidagi “Yoshlar media xoldingi”ni tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari qo‘llab-quvvatlansin.
Agentlik uch oy muddatda “Yoshlar media xoldingi” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini tashkil etish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. Agentlik:
yoshlar yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatuvchi nodavlat notijorat tashkilotlariga o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish, amalga oshirish va rivojlantirishda har tomonlama tashkiliy va amaliy yordam ko‘rsatsin;
uch oy muddatda “Kamalak” bolalar tashkiloti faoliyatini takomillashtirish va qo‘llab-quvvatlash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
Agentlik yoshlarga oid davlat siyosatini ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi, shuningdek, yoshlarning intellektual, ijodiy va boshqa yo‘nalishdagi salohiyatini kamol toptirish uchun sharoitlar yaratishga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va huquqiy chora-tadbirlarni tizimli ravishda amalga oshiruvchi davlat boshqaruv organi hisoblanadi;
Agentlikning o‘z vakolati doirasida qabul qilgan qarorlari yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar uchun majburiydir;
davlat va davlat ulushi mavjud bo‘lgan oliy ta’lim muassasasining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori (filial direktori o‘rinbosari) lavozimiga nomzod Agentlik bilan kelishilgan holda belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga bevosita yoki bilvosita ta’sir qiladigan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari Agentlik bilan majburiy ravishda kelishiladi;
Agentlikning hududiy boshqarmalari boshliqlari har chorakda tegishli xalq deputatlari Kengashlari yig‘ilishlarida yoshlar faoliyati bilan bog‘liq sohalarda uchrayotgan dolzarb muammo va kamchiliklar hamda ularning yechimi bo‘yicha axborot beradi;
Agentlik va uning hududiy boshqarmalari davlat organlari va tashkilotlariga yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar va dasturlarning ijrosi hamda ularning vakolatlariga kiradigan boshqa muhim masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish talabi bilan so‘rov yuborish huquqiga ega;
Agentlik yoshlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlarga har tomonlama ko‘maklashish hamda ularning faoliyati samaradorligini oshirishga mas’ul hisoblanadi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Agentlik faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.
5. Belgilansinki:
a) Agentlik direktori O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
b) Agentlik direktorining o‘rinbosarlari, shu jumladan birinchi o‘rinbosari Agentlik direktori taqdimnomasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
v) maqomi, mehnatga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish va tibbiy xizmat ko‘rsatish shartlariga ko‘ra:
Agentlik direktori — vazirga, uning birinchi o‘rinbosari — vazirning birinchi o‘rinbosariga, o‘rinbosarlari — tegishli ravishda vazir o‘rinbosarlariga;
Agentlikning markaziy apparati xodimlari — vazirliklar markaziy apparati, hududiy bo‘linmalari xodimlari esa — vazirliklar hududiy bo‘linmalari xodimlariga tenglashtiriladi;
g) Agentlik markaziy apparati xodimlariga yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra lavozim maoshlarini aniqlashda tarif koeffitsiyentlari 1,8 baravar miqdorda, Agentlik hududiy bo‘linmalari xodimlariga 1,2 baravar miqdorda qo‘llaniladi.
6. Agentlik direktori ikki oy muddatda Agentlikning unga yuklangan vazifalarni bajarish uchun zarur bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar bilan to‘ldirilishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston yoshlar ittifoqining uning Markaziy va hududiy kengashlari balansidagi va operativ boshqaruv huquqi asosida tegishli bo‘lgan bino va inshootlari, shuningdek, mol-mulklarini (faoliyatini ta’minlashga yetarli qismini o‘z balansida saqlab qolgan holda) o‘rnatilgan tartibda davlat mulki sifatida operativ boshqaruv huquqi asosida tegishlicha Agentlik va uning hududiy bo‘linmalariga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Agentlikning markaziy apparati Toshkent shahar, Navoiy ko‘chasi, 11-uy manzildagi binoga joylashtirilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Agentlik, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur qarorning 7-bandida ko‘zda tutilgan bino va inshootlar, shuningdek, mol-mulklarni xatlovdan o‘tkazsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu mol-mulklarning O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini ta’minlashga yetarli qismini uning balansida saqlab qolgan holda Agentlik va uning hududiy bo‘linmalariga o‘tkazilishini ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Agentlik, Moliya vazirligi Yoshlar markazlari va yoshlar uchun mo‘ljallangan boshqa infratuzilma obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari Agentlikka ajratilgan mablag‘lar doirasida amalga oshirilishini inobatga olsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Toshkent shahar “Yoshlar ijod saroyi” qoshidagi Yoshlar simfonik orkestri negizida O‘zbekiston davlat simfonik orkestrini tashkil etish va amaldagi mehnatga haq to‘lash shartlari saqlanib qolgan holda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tuzilmasiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi qo‘llab-quvvatlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston davlat simfonik orkestri faoliyatini moliyalashtirish uchun zarur mablag‘larni 2020-yilda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi uchun davlat budjetida ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan ajratsin, 2021-yildan boshlab esa — O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda nazarda tutilishini ta’minlasin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Agentlik bilan birgalikda ikki oy muddatda 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalaridagi O‘zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilot yetakchilarini saqlash xarajatlarini qoplash yuzasidan taklif kiritsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Agentlik va uning hududiy bo‘linmalarini belgilangan tartibda yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulashni, shuningdek, zarur aloqa, jumladan hukumat aloqasi bilan ta’minlasin.
13. Agentlik:
moliya, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish, bandlik va mehnat munosabatlari, ichki ishlar vazirliklari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi, Bosh prokuraturasi, Oliy sudi, boshqa vazirlik va idoralarning statistika axboroti;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjet-soliq tadqiqotlari instituti hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutining tahliliy materiallari majburiy yuboriladigan reyestrga kiritilsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutini (keyingi o‘rinlarda – Institut) Agentlik tuzilmasiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Quyidagilar Institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
yoshlarga oid davlat siyosati ijrosi monitoringini olib borish, yoshlar muammolarini tizimli o‘rganish va ularni hal etishga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqish;
davlat hokimiyati, vazirlik, idora va tashkilotlarda faoliyat yurituvchi istiqbolli yosh kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ular faoliyatini uslubiy jihatdan muvofiqlashtirish, yosh boshqaruv xodimlarini professional jihatdan rivojlantirish uchun o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar tayyorlash;
yoshlarga oid qonun hujjatlari va davlat dasturlari loyihalarini tayyorlashda ishtirok etish, ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
vazirlik, idora va tashkilotlar buyurtmalari asosida yoshlar muammolarini o‘rganishga qaratilgan fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish;
yoshlar duch kelayotgan dolzarb muammolar, ularning barqaror rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan tahdidlarni aniqlashga qaratilgan sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazish;
yoshlar sohasidagi ishlarni samarali yo‘lga qo‘yishga qaratilgan uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish, anjumanlar, “davra suhbatlari” va ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etish;
yoshlar masalalarida O‘zbekiston Respublikasining mintaqaviy va xalqaro hamkorlik istiqbollari borasida qo‘shma tadqiqotlar olib borish.
15. Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutining tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
16. Belgilansinki:
Institut O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutining barcha huquq, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Institut asosiy faoliyati yoshlar muammolarini o‘rganish, mazkur yo‘nalishda ilmiy va tahliliy tadqiqotlar o‘tkazish hamda istiqbolli yosh kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga yo‘naltirilgan yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat muassasasi hisoblanadi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi Institut faoliyatiga doimiy ravishda ilmiy-uslubiy yordam ko‘rsatib boradi;
Institut direktori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Agentlik direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
mehnatga haq to‘lash shartlari, moddiy rag‘batlantirish hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish shartlariga ko‘ra Institut direktori — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi prorektoriga, xodimlari — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining xodimlariga tenglashtiriladi;
Institut direktoriga xodimlariga moddiy rag‘batlantirish maxsus fondi hisobidan tarif stavkasining 100 foizigacha miqdorida oylik ustamalar belgilash, shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq boshqa moddiy rag‘batlantirish choralarini qo‘llash huquqi beriladi;
o‘ziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun Institut shartnoma asosida ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari, shuningdek, vazirlik, idora va tashkilotlar mutaxassislarini jalb qilish huquqiga ega.
17. Quyidagilar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;
fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarning davlat ilmiy dasturlarida nazarda tutilgan mablag‘lar;
xo‘jalik faoliyati hamda shartnoma asosida o‘quv, metodik va ilmiy-tadqiqot loyihalari, axborot-tahlil hamda tahririy-nashriyot ishlarini bajarish, ta’lim va boshqa xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy tashkilotlarning grantlari doirasida tushadigan mablag‘lar.
18. Institut Toshkent shahar, Islom Karimov ko‘chasi, 45-uy manzilida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
19. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlari doirasida 2020-yilda Agentlik hamda Institut ta’minoti uchun mablag‘lar ajratsin, 2021-yildan boshlab esa har yili zarur budjet mablag‘larini nazarda tutsin. Bunda, O‘zbekiston Respublikasining “2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgunga qadar xarajatlarni moliyalashtirish 2020-yil uchun O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshirilishi inobatga olinsin;
Agentlik markaziy apparati uchun 8 ta xizmat avtotransport vositasini, shu jumladan 6 ta shaxsiy biriktirilgan xizmat avtotransport vositasi, 1 ta navbatchi avtotransport vositasi va 1 ta mikroavtobus hamda hududiy boshqarmalar uchun 14 ta xizmat yengil avtotransport vositasini saqlash uchun limit belgilasin.
20. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3206-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
21. Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
22. Mazkur qaror ijrosi quyidagi tartibda amalga oshirilsin:
Agentlik direktori — ushbu qarorda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishda mas’ul vazirlik, idora hamda tashkilotlarga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatsin, belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha yuzaga keladigan masalalarni tezkorlik bilan hal etilishini ta’minlasin;
mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari — ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarish yuzasidan barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K. Ko‘chimov, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi A.D. Xadjayev — ushbu qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar, brifinglar, press-konferensiyalar, tematik teleko‘rsatuvlar tashkil etsin.
23. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 30-iyun,
PQ-4768-son