Bugun O’zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filialida 1-bosqich talaba yoshlarning ota-onalari bilan muloqot o‘tkazish maqsadida “Ota-onalar kuni” tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda filial direktorining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha birinchi o‘rinbosari Ravshanbek O’taganov, O‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Akmaljon Sattorov, “Teatr san’ati va xalq ijodiyoti” fakulteti dekani Azizbek Talaboyev hamda Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Faxriddin Hushnazarovlar ishtirok etishdi.
Tadbir davomida mas’ullar tomonidan ta’lim muassasasi va oila hamkorligini yanada mustahkamlash, ota-onalarning farzandlar tarbiyasidagi muhim o‘rni, majburiyati va mas’uliyatini oshirish, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, kiyinish madaniyati, davomat hamda talabalar turar joyida yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Tashkil etilgan mazkur ota-onalar yig‘ilishi talabalarning o‘qishga bo‘lgan munosabati, fanlarni o‘zlashtirish darajasi, jamoat ishlarida faolligi, tartib-intizomga rioya qilishi, a’lo va yaxshi baholarga o‘qishi uchun ijobiy ta’sir qiladi. Shu bilan birga filial rahbariyati hamda ota-onalar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.