Joriy yilning 16–17-iyul kunlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida O‘zbekiston-Qirg‘iziston rektorlarining II forumi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari oʻrtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qoʻyish, professor-o‘qituvchi va talabalar almashinuvi, o‘zaro o‘quv jarayonlarini tashkil qilish, ta’lim sifatini oshirish, stajirovka o‘tash, malaka oshirish va ilmiy faoliyatdagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, turizm, san’at va madaniyat, geologiya, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, raqamlashtirish va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Forumda O‘zbekiston va Qirg‘iziston rektorlari tomonidan o‘zaro hamkorlik doirasida 30 ga yaqin anglashuv memorandumi, bitim va yo‘l xaritalari imzolandi.
Mazkur forumda O’zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filiali direktori Gapurov Mirmuxsin Kamoldinovich hamda I.Arabayev nomidagi Qirg’iz davlat universiteti rahbariyati tomonidan xalqaro hamkorlik doirasida memorandum imzolandi.



